Ertasi kuni ertalab.
— Hoooh… Bugun kun ancha quyoshli ekan. Mana shunaqa yengil havo hozirgi sovuq mavsum uchun qanday ajoyib, — dedi Artur deraza yonida turib.
Rina pastdan ovoz berdi:
— Kecha 4-o'lchamga nimalarni olib o'tdingiz? Ular juda ulkan edi… va eng ajablanarlisi — tirikdek ko'rinardi.
Artur yelkasini qisdi.
— Aaa, demak sen ko'rgan ekansan. Men ham "nega faol ruhiy kuch sezilyapti?" deb o'ylagandim.
U xotirjam ohangda davom etdi:
— Kecha nekromanlarni chaqirib, ularni evakuatsiya qildik. Shu sababli ular shunaqa ulkan shaklga kirdi.
Rina biroz o'ylab turdi.
— Menimcha, siz belgilangan evakuatsiya uchun zarur bo'lgan — yurakni to'liq qoplaydigan ruhiy kuchdan ancha ko'proq bergansiz. Shu sababli ham ular mutatsiyaga uchragan.
Artur kulib yubordi.
— Qoyil. Bir urinishda topding. Xuddi ichimni o'qiyotgandek.
So'ng u mavzuni o'zgartirdi:
— Yaxshi, unda majlis uchun qolganlar yig'ildimi? Vaqt ham bo'lib qoldi, shekilli.
— Ha, hamma sizni oshxonada kutyapti, — dedi Rina va ikkinchi qavatga chiqib ketdi.
Bir necha daqiqadan so'ng majlis boshlandi.
Artur stol boshida turdi.
— Xo'sh. Bugun mamnuniyat bilan e'lon qilamanki, kechagi muammoga yechim topildi. Bu ishda Kronvelning hissasi katta bo'ldi. Shu sababli uning mehnatini qadrlab, unga maxsus orden topshiraman.
Xonada qarsaklar yangradi.
Artur kumush rangli dumaloq medalni olib, Kronvelning ko'kragiga taqdi. Medal yuziga mayda harflar bilan "Ixtirochi" deb yozilgan edi.
Artur qo'shimcha qildi:
— Aytgancha, bu orden sof kumushdan. Narxi — o'ttizta kumush tangaga teng. Agar xohlasang, maqsadlaring yo'lida sotib yuborishing mumkin.
Xonada mayin kulgu eshitildi.
To'g'ri, bu oddiy unvon edi. Juda ham qimmat emas. Ammo baribir boshqalarning ko'zida o'zgacha yaltirardi.
Ayniqsa Klavus uchun.
Yillar davomida xizmat qilgan, ko'p mashaqqat ko'rgan, ammo deyarli hech qachon chin dildan rahmat eshitmagan Klavus uchun bu manzara og'ir botdi.
Netzer ham medalga boshqacha nigoh bilan qaradi. U umr bo'yi qaroqchi bo'lib yashagan, hech qachon sharaf va faxr tuyg'usini his qilmagan edi. Endi esa ichida g'alati bir istak uyg'ondi.
Tashqaridan ular qarsak chalishardi.
Ammo ich-ichlaridan bitta ovoz yangrardi:
Keyingisi meniki bo'ladi.
Rina esa unchalik qiziqmadi. U sovuqqon kuzatdi.
Mirinda esa boshqacha edi.
U medalning narxiga emas, uning ortidagi ma'noga qaradi. Shuncha odam ichida, kimsan — Ruhlar Lordi Artur qo'li bilan mukofot olish…
Kim buni istamas edi?
Kronvel medalni qo'lida aylantirib ko'rdi.
Jin ursin… deb o'yladi u.
Zamonaviy dunyoda shuncha harakat qilib ham bunaqa medal olmagandim.
U ichida tan oldi:
Aslida yosh jihatdan Artur bilan tengman. Ba'zan o'ylayman — nega o'zim alohida kuch bo'lmayman? Nega men yetakchi emasman?
Ammo javob aniq edi.
Chunki Artur odamlarni qanday maqtashni, qanday mukofotlashni juda yaxshi bilardi.
Kronvel esa, agar yolg'iz kuch bo'lib qolsa…
Tasavvurida boshqa manzara paydo bo'ldi:
U boshqa dunyoga tushadi. Sodda, mehribon bo'ladi. Birinchi uchratgan odamlarini hamroh qiladi. So'ng "chiter" darajadagi kuchi bilan dunyo bo'ylab sayohat qiladi. Qirolliklarga tekinga yordam beradi. Odamlar uni qahramon deb ataydi.
Kronvel titrab ketdi.
— Yo'q… bunday ssenariyni o'ylashning o'zi qo'rqinchli.
U chuqur nafas oldi.
— Yaxshiyamki men Artur safiga qo'shildim. Bo'lmasa… bosh qahramonga aylanib qolardim.
U kulimsiradi.
Ammo bu kulgi ortida haqiqat bor edi.
